Tomdi tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro U.J. Zarafshon shahridagi dorixonadan dori-darmonlar xarid qilish maqsadida jami 1 900 000 soʻm miqdorida toʻlov amalga oshirgan. Biroq dorixona xodimlari barcha dori vositalari ayni paytda mavjud emasligini bildirgan va ularni 2 kun ichida yetkazib berishni vaʼda qilgan.
Ammo oradan bir necha kun oʻtgan boʻlishiga qaramay, dorilar yetkazilmagan. Shundan soʻng fuqaro dorixonaga murojaat qilib, berilmagan dorilar uchun ortiqcha 1 375 000 soʻm mablagʻni qaytarishni soʻragan. Afsuski, dorixona na dorilarni bergan va na toʻlovni qaytargan.
Mazkur murojaat Tomdi tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan oʻrganib chiqildi. Jamiyat xodimlari dorixona vakillari bilan suhbat oʻtkazib, ularga isteʼmolchining huquqlari yuzasidan tushuntirish ishlari olib bordi.
Natijada, fuqaro U.J.ga berilmagan dori-darmonlar uchun toʻlangan pul mablagʻining qaytarilishiga erishildi.