Bugungi kunda bank tizimi hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Ayniqsa, pul o‘tkazmalari – ya'ni bir hisobdan boshqasiga mablag‘ yuborish jarayoni – kundalik faoliyatda keng qo‘llaniladi. Bu xizmat nafaqat tadbirkorlar, balki oddiy fuqarolar uchun ham nihoyatda muhimdir.
Shunday holatlardan biri Navoiy shahrida yashovchi fuqaro G.K. bilan bog‘liq bo‘ldi. U "Hamkorbank" orqali Germaniyada joylashgan "Sentaba" bankidagi hisob raqamga 6 200 yevro miqdoridagi pul mablag‘ini o‘tkazish uchun buyurtma beradi. Biroq ma'lum sabablarga ko‘ra, yuborilgan mablag‘ xorijiy bank hisobiga yetib bormagan.
Mazkur holatdan norozi bo‘lgan fuqaro O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining ishonch raqamiga murojaat qilib, ushbu masalada amaliy yordam ko‘rsatishni so‘radi.
Murojaat tegishliligi bo‘yicha Navoiy shahar jamiyati xodimlari tomonidan ko‘rib chiqilib, holat joyida o‘rganildi. O‘rganish davomida bank vakillariga fuqaroning noroziligiga sabab bo‘lgan omillar tushuntirildi va muammoning kelib chiqish sabablari aniqlandi.
Ko‘rilgan choralar natijasida fuqaroning noroziligiga sabab bo‘lgan holatlar bartaraf etildi hamda pul jo‘natmasining xorijiy bank hisobiga yetkazib berilishi ta'minlandi.