Oziq-ovqat bilan bog‘liq har qanday nomaqbul hodisalar butun dunyoda aholi sog‘lig‘i uchun salbiy oqibatlarga olib keladi. Sifatsiz oziq-ovqatlar esa 200 ga yaqin kasallikning, jumladan, saraton kasalligining kelib chiqishiga sabab bo‘lishi aniqlangan.
Umuman olganda, oziq-ovqat mahsulotining sifati deganda oziq-ovqat mahsulotining iste’mol xossalarini belgilab beradigan va uning odamlar hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfsizligini ta’minlaydigan mezonlar tushuniladi.
🔍Xo‘sh, bugun hududlarda bu borada ahvol qanday?
Bozorlarda, do‘konlarda, marketlarda, umumiy ovqatlanish shahobchalarida aholining kundalik ehtiyoji uchun sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari talabga javob beradimi? Mahsulotlarni tayyorlash, realizatsiya qilish, saqlash, sotish talablariga amal qilinyaptimi?
Aholini sifatli iste’mol tovarlari bilan ta’minlashga qaratilgan, shuningdek, sertifikatlanmagan, saqlash muddati o‘tib ketgan, kontrafakt va iste’molga yaroqsiz tovarlarning realizatsiya qilinishi holatlariga chek qo‘yish borasidagi chora-tadbirlarning ijrosi va natijadorligi qay darajada?
O‘zbekiston Respublikasining “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligini ta’minlashga doir normalar va qoidalar bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga haqli ekanliklari belgilab qo‘yilgan (8-modda).
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Navoiy viloyat hududiy birlashmasi ishchi guruhi tomonidan viloyatning Zarafshon shahrida jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
O‘rganishlarda aniqlangan holatlar va ularning tahlili to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot beriladi.