Kelin va kuyovning nikohini jamoatchilikka maʼlum qilish tantanasi bu nikoh to‘yi bo‘lib, ushbu marosim davrlar oʻtishi bilan qisman oʻzgarib borgan va har bir etnik guruhda oʻziga xos xususiyatlari bilan oʻzaro farq qilgan. Bugungi kunda oʻzbek qizlari nikoh toʻyi marosimlarini oq libosda o‘tkazishi urfga kirgan. Mana shunday baxtli lahzalarni o‘tkazish uchun Samarqand shahar, Sattepo MFYda yashovchi fuqaro M.A bo‘lg‘usi turmush o‘rtog‘i uchun kelinlik libosini Xatirchi tumani markazida joylashgan kelin liboslari salonidan 1 500 000 so‘mga ijaraga olgani lekin ko`ylak kelin bolaga yoqmaganligi sababli qaytarib berganligi, ammo to‘langan 1 500 000 so‘m mablag‘ini salon mas`ul xodimlari qaytarib bermayotganligi yuzasidan Federatsiyaning 1091 "Ishonch telefoni"ga murojaat qoldiradi.
Xatirchi tuman jamiyati mutaxassislari ushbu masala yuzasidan murojaatni "Elegant" saloni mas`ullari ishtirokida o‘rganib chiqishdi. O‘rganishda fuqaro murojaati o‘z isbotini topdi va "Elegant" saloni mas`ullariga iste'molchi huquqlarining kafolatlari yuzasidan huquqiy tushuncha berildi. Natijada fuqaroga 1 500 000 so‘m mablag‘ qaytarib olib berilib uning barcha e'tirozlari ijobiy qanoatlantirildi.