Savol: Barchamizga ma’lumki bugungi kunda shahrimizda chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilmaydi va bu dolzarbligicha qolmoqda!
Savolim shundan iboratki aslida chiqindilarni olib ketishda xizmat ko‘rsatuvchining majburiyatlari qanday va iste’molchining bu borada huquq va majburiyatlari qay tartibda.
Javob:
Iste’molchining huquqlari
-shartnomaga muvofiq xizmatdan foydalanish;
-qattiq maishiy chiqindini olib ketish minimal davriyligiga rioya etishilini talab qilish;
-xizmat uchun oldindan haq to‘lash;
-xizmat ko‘rsatish tartibi va tariflari to‘g‘risida ma’lumot olish;
-xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning dispetcherlik xizmatiga buyurtmanoma berish;
-shartnoma majburiyatlari sifatsiz bajarilganda shikoyat qilish va aniqlangan kamchilikni bartaraf etishni talab qilish;
-xizmat ko‘rsatilayotganda yuzaga kelgan kamchilik bepul bartaraf etilishini talab qilish;
-xizmat ko‘rsatilmaganda haq to‘lash majburiyatidan ozod bo‘lish;
-yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha sudga murojaat qilish.
Iste’molchining majburiyatlari
-ko‘rsatilgan xizmat uchun o‘z vaqtida haq to‘lash;
-chiqindi to‘plash shoxobchasida chiqindini konteynerga tashlash;
-to‘plashning “signal” usulida etib kelgan maxsus avtotransport vositasiga qattiq maishiy chiqindini joylashtirish;
-chiqindini ruxsat etilmagan joyga (ob’ektga) tashlamaslik;
-ob’ektlarda, dala va aholi yashash punktida maxsus texnik qurilmasiz chiqindini yoqmaslik;
-umumiy foydalanishdagi joyda chiqindi to‘plash va saqlash joyi tashkil etilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
-chiqindi to‘plash konteyneri, to‘plash shoxobchasi nosozligi aniqlanganda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotni darhol xabardor qilish;
-ko‘p kvartirali va yakka tartibdagi uylarda haqiqatda istiqomat qiluvchi shaxs soni to‘g‘risidagi ma’lumot o‘zgarganda 10 ish kuni mobaynida mutaxassisni xabardor qilish.
Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot majburiyatlari
-qattiq maishiy chiqindilarning muntazam olib chiqib ketilishini amalga oshirish;
-qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishning minimal davriyligiga rioya etish;
-iste’molchilarga sifatli xizmatlar ko‘rsatish;
-iste’molchilarning dispetcherlik xizmatiga tushgan buyurtmanomalarini operativ tartibda (buyurtmanoma kelib tushgan kundan boshlab bir ish kunidan kechikmay) bajarish;
-ko‘rsatilayotgan qo‘shimcha xizmatlar uchun elektron to‘lov tizimini joriy etish;
-iste’molchilarning murojaatlari va ularning ijrosi hisobini yuritish;
-o‘ziga biriktirilgan hududda zarur miqdordagi chiqindi to‘plash shoxobchalarining qurilishini ta’minlash;
-chiqindi to‘plash shoxobchalari va konteynerlarining holatini nazorat qilib borish;
-chiqindi to‘plash shoxobchalarini qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash uchun konteynerlar bilan jihozlash;
-chiqindi to‘plash shoxobchalari va transport vositalarining sanitariya holatini ta’minlash;
-chiqindi to‘plash shoxobchalarini saqlash va kommunal to‘lovlarning to‘lanishini ta’minlash;
-qattiq maishiy chiqindilarni mustaqil ravishda saralashni amalga oshirish;
-chiqindi to‘plash shoxobchalarini joriy va mukammal ta’mirlash;
-chiqindilarning ko‘plab to‘planib qolishiga qarshi rejali ishlarni olib borish;
-xizmatlar ko‘rsatish tartibi va tariflarining o‘zgarganligi to‘g‘risida iste’molchini oldindan xabardor qilish;
-iste’molchilarga bepul ma’lumot berish;
-iste’molchiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati bo‘yicha yangi qoidabuzarliklarning oldini olish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish;
-maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishda buzilgan er uchastkalarini qayta tiklash ishlarini amalga oshirish majburiyatlarini bajaradi!
Navbahor tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi S.Nishonov